Har qanday sport turida o‘tkaziladigan jahon chempionatlari nufuzi jihatdan Olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadigan muhim musobaqa sanaladi.

Ayni kunlarda para yengil atletika bo‘yicha Parij mezbonligida o‘tayotgan dunyo birinchiligi to‘rt yillikning nufuzli sport forumi bo‘lgan Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma taqdim etishi sababli bellashuvlarning har jihatdan qiziqarli va murosasiz o‘tishini ta’minlamoqda.

Shu ma’noda, mazkur jahon chempionatida ishtirokchi para sportchilar safi bu yil rekord darajani tashkil etdi. Dunyoning turli davlatlaridan 1206 nafar matonatli atletlar sovrinli o‘rinlardan joy olishga harakat qilayotgani, ular safida yurtimizning irodali para sportchilari qatnashayotgani, o‘z yo‘nalishlarida e’tiborli yutuqlarga erishayotgani natijalarda namoyon bo‘lmoqda.

Jahon chempionatining besh kunlik natijalari bo‘yicha sayyoramizning 102 mamlakat vakillari orasida Xitoy terma jamoasi medallar jamg‘arishda birinchi, braziliyalik para yengil atletikachilar ikkinchi va hamyurtlarimiz esa uchinchi pog‘onada bormoqda. Xitoy vakillari 10 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, braziliyaliklar 7 oltin, 5 ta kumush, 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Hamyurtlarimiz hisobida esa 4 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medali mavjud.

Quvonarlisi, O‘zbekistonning iroda va matonat maktabi vakillari mazkur dunyo birinchiligida bugungacha “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlarining 15 ta yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Parijda davom etayotgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatining bugun, 13 iyul kungi musobaqalarida 3 nafar vakilimiz startga chiqadi.

Erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash dasturida Omadbek Hasanov, yadro uloqtirish bahslarida Shahboz Rajabov hamda Jasur Xo‘jayev o‘z omadini sinab ko‘radi.

Jahon chempionati bahslari 18 iyulga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA