Mamlakatimiz poytaxti yana bir yirik sport musobaqasiga mezbonlik qilishga hozirlanmoqda.

Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi va Osiyo voleybol konfederatsiyasining 2023 yil kalendar rejasiga asosan, joriy yilning 14-20 iyul kunlari Toshkentda yoshlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati hamda 20-30 iyul kunlari 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘yinlari tashkil etiladi.

Ayni kunlarda ushbu musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish, xorijiy davlatlardan keladigan sport jamoalarini munosib kutib olish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda manfaatdor tashkilotlar hamkorligida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Markaziy Osiyo chempionatida 5 ta mamlakat jamoalari, Osiyo chempionatida qit’aning 20 ta davlat terma jamoalari ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan.

Bugungacha Markaziy Osiyo chempionatida qatnashadigan Qozog‘iston, Pokiston, Eron jamoalari poytaxtimizga yetib kelgan bo‘lsa, Tojikiston jamoasi ertadan mashg‘ulotlarga kirishadi. Musobaqalar poytaxtimizdagi “Saxovat sport servis” va “Universal” sport majmualarida o‘tkaziladi.

Qit’a chempionati bahslarini halqaro talablar asosida o‘tkazish masalasida barcha jihatlar inobatga olingan holda majmualar, jamoalar joylashadigan mehmonxonalar tayyor holga keltirildi. Hozirda xorij sport jamoalari, Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi va Osiyo voleybol konfederatsiyasi mutasaddilari, mutaxassislarni kutib olish, joylashtirish ishlari davom etmoqda. Texnik komissiya yig‘ilishlari tashkil etiladigan hududlar zarur vositalar bilan jihozlandi.

Osiyo voleybol konfederatsiyasi xalqaro standartlarga javob beradigan “GERFLOR SAS” sun’iy qoplamasini beg‘araz yordam sifatida O‘zbekiston voleybol federatsiyasiga ajratmoqda.

Yoshlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo chempionati hamda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi qit’a chempionati doirasida ayni kunlarda poytaxtimizda xalqaro hakamlik seminari bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston voleybol federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur seminarda mamlakatimizning 30 nafarga yaqin mutaxassislari qatnashmoqda.

Bevosita musobaqalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, yoshlar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionati o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilib, unda Eron, Qozog‘iston, Pokiston, Tojikiston va mamlakatimiz voleybol jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Musobaqaga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, yurtimiz voleybolchi qizlari ilk bahsni Tojikiston jamoasi bilan, o‘g‘il bolalar esa Qozog‘iston jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur o‘yinlar 14 iyul kuni bo‘lib o‘tаdi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA