Ko‘pchilik uchun yoz fasli mehnat va maktab ta’tillari davridir. Biroq ayni shu vaqtda qator surankali kasalliklar qo‘zg‘alishini ham unutmaslik kerak. Shulardan biri uyqusizlikdir.

Bizda bu kasallikka turlicha qarashadi. Davlat poliklinikalarida bunday bemorlarni nevropatolog qabuliga yuborishadi. Aksariyat shifokorlar bemorning shikoyatlarini tinglab, uni  tekshiruvdan o‘tkazganlaridan so‘ng yengil, o‘tlardan tayyorlangan tinchlantiruvchi dori vositalarini va sport bilan shug‘ullanishni tavsiya qilishadi.

Dorixonalardagi mavjud qonun- qoidalarga ko‘ra, uxlatuvchi dorilarni faqat shifokor retsepti asosida xarid qilish mumkin. Shu sababli, ko‘plab dorixonalar  bunday dori vositalarini sotib olmay qo‘yishgan.

Qayd etish joizki, uyqusizlik boshqa bir kasallikning belgisi bo‘lishi ham mumkin. Ko‘p hollarda uning asl sabablarini somnologlar aniqlashadi.  Poytaxtimizdagi deyarli barcha xususiy klinikalarda bunday  mutaxassislarni topish mumkin.  Faqat shifokorning birgina maslahati tibbiy tekshiruvlarsiz bemor uchun ikki million so‘mdan ko‘proqqa tushishi mumkin. Bundan ham qimmatlisi – polisomnografiya. Bu bemorning uyqusini  maxsus kompyuter uskunalari yordamida tekshirishdir. Bunda bemor uxlayotgan vaqtda uning xurrak otishi, nafas olishi, ko‘krak qafasining nafas olish harakatlari, tana holati, qonning kislorod bilan to‘yinganligi, elektroensefalogramma, elektrokardiogramma, elektromiogramma, elektrookulogramma, oyoq harakatlari yozib olinadi. Shundan so‘ng ma’lumotlar qayta ishlanadi va uning natijasi gipnogramma deb ataladi. U uyquning tuzilishi, uning bosqichlari soni va sifatiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Mutaxassis  olingan ma’lumotlar yordamida  uyqusizlikning sabablarini aniqlaydi.

Uyqusizlik shuningdek, zararli odatlar ta’sirida kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, pandemiyadan so‘ng ko‘pchilik masofaviy ish tartibiga o‘tgach, odamlarda kunduzi uxlab olish imkoni paydo bo‘ldi va bu  odatga ham aylandi. 20 daqiqagacha davom etadigan qisqa uyquning hech qanday yomon tomoni yo‘q, aksincha, u insonning yengil va tetik bo‘lishiga yordam beradi. Soatlab uxlashdan farqli o‘laroq, u kishining kun tartibini buzmaydi ham. Bir soatdan ortiq uxlaganda tana  kuchli uyquga ketadi va odam uyg‘ongandan so‘ng o‘zini horg‘in his etadi, kechqurun esa uxlashga qiynaladi.

Guanchjou (Xitoy) tibbiyot  universitetining bir guruh olimlari  300 ming nafar odam ishtirokida tajriba o‘tkazishdi.  Qatnashchilarning 39 foizi  muntazam  ravishda kunduzi uxlagan. Ularda yurak xastaliklarining rivojlanish xavfi 34 foizga yuqori ekanligi aniqlandi.

Uyquga yotishdan oldin  telefondan foydalanmaslik kerakligi haqida hamma biladi. Biroq hamma ham bu qoidaga amal qiladimi?

Gap shundaki, hatto telefondagi xabarlarni e’tiborsizlarcha  titkilash ham  asab tizimiga kuchli ta’sir ko‘rsatar ekan. Mobil telefonlarning ekrani  esa, tanadan  uyqu gormoni – melatoninning ajralib chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Uning meyo’riga kelishi va inson uyquga ketishi uchun biroz vaqt talab etiladi.

Ko‘pchlik uchun kechqurun qahva yoki  choy ichish ham odatga aylangan.  Ertalab  qahva  kishini tetiklashtirsa, kechqurun uyquga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kofein  agar u kerakli miqdorda ichilsa, foydali albatta, biroq uning tanadan chiqib ketishi  uchun 3,5-4 soat talab etiladi. Shu bois,  choy va qahva  uchun  maqbul vaqtni tanlash kerak.

Sog‘lom uxlashga  to‘sqinlik qiladigan yana bir qancha omillar va zararli odatlar bor. Agar inson  ularni bartaraf qilgan bo‘lsayu, biroq  uyqusizlik dardi hamon uni bezovta qilayotgan bo‘lsa, u malakali shifokorga murojaat qilishi lozim. Bu holda, faqat mutaxassigina  to‘g‘ri tashxis qo‘yib,  davo choralarini belgilashi mumkin.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA