Ko‘pchilik uchun yoz fasli mehnat va maktab ta’tillari davridir. Biroq ayni shu vaqtda qator surankali kasalliklar qo‘zg‘alishini ham unutmaslik kerak. Shulardan biri uyqusizlikdir.
Bizda bu kasallikka turlicha qarashadi. Davlat poliklinikalarida bunday bemorlarni nevropatolog qabuliga yuborishadi. Aksariyat shifokorlar bemorning shikoyatlarini tinglab, uni tekshiruvdan o‘tkazganlaridan so‘ng yengil, o‘tlardan tayyorlangan tinchlantiruvchi dori vositalarini va sport bilan shug‘ullanishni tavsiya qilishadi.
Dorixonalardagi mavjud qonun- qoidalarga ko‘ra, uxlatuvchi dorilarni faqat shifokor retsepti asosida xarid qilish mumkin. Shu sababli, ko‘plab dorixonalar bunday dori vositalarini sotib olmay qo‘yishgan.
Qayd etish joizki, uyqusizlik boshqa bir kasallikning belgisi bo‘lishi ham mumkin. Ko‘p hollarda uning asl sabablarini somnologlar aniqlashadi. Poytaxtimizdagi deyarli barcha xususiy klinikalarda bunday mutaxassislarni topish mumkin. Faqat shifokorning birgina maslahati tibbiy tekshiruvlarsiz bemor uchun ikki million so‘mdan ko‘proqqa tushishi mumkin. Bundan ham qimmatlisi – polisomnografiya. Bu bemorning uyqusini maxsus kompyuter uskunalari yordamida tekshirishdir. Bunda bemor uxlayotgan vaqtda uning xurrak otishi, nafas olishi, ko‘krak qafasining nafas olish harakatlari, tana holati, qonning kislorod bilan to‘yinganligi, elektroensefalogramma, elektrokardiogramma, elektromiogramma, elektrookulogramma, oyoq harakatlari yozib olinadi. Shundan so‘ng ma’lumotlar qayta ishlanadi va uning natijasi gipnogramma deb ataladi. U uyquning tuzilishi, uning bosqichlari soni va sifatiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Mutaxassis olingan ma’lumotlar yordamida uyqusizlikning sabablarini aniqlaydi.
Uyqusizlik shuningdek, zararli odatlar ta’sirida kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, pandemiyadan so‘ng ko‘pchilik masofaviy ish tartibiga o‘tgach, odamlarda kunduzi uxlab olish imkoni paydo bo‘ldi va bu odatga ham aylandi. 20 daqiqagacha davom etadigan qisqa uyquning hech qanday yomon tomoni yo‘q, aksincha, u insonning yengil va tetik bo‘lishiga yordam beradi. Soatlab uxlashdan farqli o‘laroq, u kishining kun tartibini buzmaydi ham. Bir soatdan ortiq uxlaganda tana kuchli uyquga ketadi va odam uyg‘ongandan so‘ng o‘zini horg‘in his etadi, kechqurun esa uxlashga qiynaladi.
Guanchjou (Xitoy) tibbiyot universitetining bir guruh olimlari 300 ming nafar odam ishtirokida tajriba o‘tkazishdi. Qatnashchilarning 39 foizi muntazam ravishda kunduzi uxlagan. Ularda yurak xastaliklarining rivojlanish xavfi 34 foizga yuqori ekanligi aniqlandi.
Uyquga yotishdan oldin telefondan foydalanmaslik kerakligi haqida hamma biladi. Biroq hamma ham bu qoidaga amal qiladimi?
Gap shundaki, hatto telefondagi xabarlarni e’tiborsizlarcha titkilash ham asab tizimiga kuchli ta’sir ko‘rsatar ekan. Mobil telefonlarning ekrani esa, tanadan uyqu gormoni – melatoninning ajralib chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Uning meyo’riga kelishi va inson uyquga ketishi uchun biroz vaqt talab etiladi.
Ko‘pchlik uchun kechqurun qahva yoki choy ichish ham odatga aylangan. Ertalab qahva kishini tetiklashtirsa, kechqurun uyquga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kofein agar u kerakli miqdorda ichilsa, foydali albatta, biroq uning tanadan chiqib ketishi uchun 3,5-4 soat talab etiladi. Shu bois, choy va qahva uchun maqbul vaqtni tanlash kerak.
Sog‘lom uxlashga to‘sqinlik qiladigan yana bir qancha omillar va zararli odatlar bor. Agar inson ularni bartaraf qilgan bo‘lsayu, biroq uyqusizlik dardi hamon uni bezovta qilayotgan bo‘lsa, u malakali shifokorga murojaat qilishi lozim. Bu holda, faqat mutaxassigina to‘g‘ri tashxis qo‘yib, davo choralarini belgilashi mumkin.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA