Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tar ekan, yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat davrida savdo va investitsiya oqimlari, tovar va xizmatlar aylanishida transport-logistika tizimi tobora murakkablashib borayotganini qayd etdi.
Shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda, odamlarimizga munosib sharoit yaratish uchun yuz minglab yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etish, dunyo bozorida raqobat qila oladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarur.
Buning uchun esa yangi-yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, malakali mutaxassislar kerak.
– Bular nimaning hisobidan bo‘ladi? Albatta, faqat va faqat investitsiyalar hisobidan, – dedi Prezident.
Lekin, hozirgi ishlar ahvoli belgilangan ulkan marralarga mos emasligi, barcha vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari ham xalqimiz kutayotgan katta o‘zgarishlarni tushunayapti, deb aytib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA