Bugun poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan tadbir aynan ushbu kompaniya faoliyati taqdimotiga bag‘ishlandi.
Unda qayd etilishicha, 2023 yil may oyida Samarqand shahrida faoliyatini boshlagan “Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasi turistik O‘zbekistonni dunyo miqyosida yanada tanitish va sayyohlar uchun sharoitlarni qulayroq qilish kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. Bu kabi ezgu ishlarda “Silkroad Samarkand Resort” kompaniyasi mahalliy hamkor hisoblanadi.
Kompaniya bosh direktorii Negina Muxtorovaning ma’lumot berishicha, kompaniya shtab-kvartirasi Dubayda joylashgan Rocket DMC xalqaro tarmog‘ining a’zosi bo‘lib, Misr, Turkiya, Tunis, Ispaniya va boshqa muhim turistik bozorlarida ishlaydi.
– “Rocket DMC Uzbekistan” turizm infratuzilmasi, mahsulotlar, xizmatlar va inson resurslarini rivojlantirishga investitsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bizning jamoamiz yo‘naltirilgan har bir boshlang‘ich bozor uchun mukammal sayyohlik mahsulotini yaratishga astoydil harakat qilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, kompaniya katta ijodiy tajriba bilan bir qatorda boshqa imkoniyatlarga ham ega. Turli toifadagi mijozlarning ehtiyojlarini qondirish uchun o‘nlab turistik avtobuslar va turli xil avtomobillarni o‘z ichiga olgan katta transport vositalari parki shular jumlasidandir. E’tiborlisi, biz O‘zbekiston turizm bozorining jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu davlat tomonidan sohaning qo‘llab-quvvatlanishi va unga mamlakat uchun ustuvor sanoat maqomining berilishi tufaylidir. Shu bilan birga, O‘zbekiston dunyoga noyob tajribani taqdim etish va kelgusida eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanish uchun katta salohiyatga ega, –dedi N.Muxtorova.
Qayd etish kerakki, “Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasi eng e’tiborga loyiq sayohat turlarini ishlab chiqish va taklif qilishni maqsad qilgan. Kompaniya Yevropa, Xitoy, uzoq Sharqiy Osiyo, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Hindistondan sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, MDH mamlakatlaridan sayyohlik trafigi hajmining ortishiga ham xizmat qiladi.
“Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasining ijrochi direktori Xaled Juni O‘zbekistonning katta turizm salohiyati jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi va mazkur kompaniya o‘z xizmati bilan soha rivojiga hissa qo‘shishni qayd etdi.
– O‘zbekistonda chet ellik sayyohlarni, korporativ va MICE-biznesni jalb qilish uchun yaratilgan imkoniyatlardan hayratda qoldim. Ushbu bosqichda rivojlanishning muhim omillaridan biri bu aviaqatnovni ko‘paytirish orqali yo‘nalish faoliyatini takomillashtirishdir. Bizning jamoamiz davlat ishchilaridan tortib xususiy investorlargacha bo‘lgan barcha manfaatdor tomonlar bilan parvozlar tarmog‘ini kengaytirish va ularning chastotasini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Jamoamiz aniq bir maqsadga ega bo‘ldi va ilhomlandi. Texnologik yondashuv yordamida birgalikda biz O‘zbekistonda 24/7 tartibda dunyo bo‘ylab sayohat xizmatlarini taqdim etishga va mehmonlarimizga eng yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga intilamiz. Shuningdek, biz“Rocket International DMC” hamkorlik tarmog‘idan unumli foydalanib, O‘zbekistonning dunyo miqyosida tan olinishi v auning turistik salohiyatini oshirishni rejalashtirmoqdamiz, – dedi Xaled Juni.
Kompaniyaning tahliliga ko‘ra, kelgusi ikki yil ichida O‘zbekiston yana kamida 2 million chet ellik sayyohlarni jalb qilishi va ularning mamlakatda bo‘lishi ikki baravarga ko‘payishi mumkin. Kompaniya o‘z missiyasini shaffoflik, qulaylik, mehmondo‘stlik, xizmat ko‘rsatishning benuqson sifati, mehmonxona mehmonlari uchun IT-tizimning samarali yechimlari va sayohatchilar uchun eksklyuziv tajribalar kabi asosiy qadriyatlarga asoslangan holda, qiziqarli sayohat loyihalarini taqdim etishda ko‘radi.
Tadbirda “Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasi Samarqanddagi bosh ofisidan tashqari Toshkentda ham hududiy vakolatxonalarini ochgani va kuzgacha Buxoroda ham o‘z tarmoqlarini ochishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot berildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA