Joriy yil davomida futbol bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoalari bir qator musobaqalarda munosib natijalarga erishdi. Yoshlar terma jamoasi a’zolari Osiyo kubogida g‘oliblikka erishib, jahon chempionatida O‘zbekiston futbolining taftini namoyish etdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati va terma jamoalar murabbiylari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda mazkur musobaqalar davomida murabbiylar, mutaxassislar hamda soha vakillari to‘plagan tajriba yosh murabbiylarga o‘rgatilib, o‘zaro fikr almashildi, kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan yig‘ilishda mutasaddilar terma jamoalarni rivojlantirish bo‘yicha yondashuv o‘zgarganini, murabbiylarimiz birgalikda ishlash, yagona futbol falsafasini singdirish, futbol mentalitetidan kelib chiqib asosiy yo‘nalishlarni belgilab olishlari kerakligi aytib o‘tildi.

— Oxirgi yillarda terma jamoalarimiz faoliyatini to‘g‘ri va tizimli tashkillashtirish yuzasidan katta qadamlar tashlandi. Biroq, biz hali yo‘lning boshidamiz. Oldimizda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Har bir musobaqadan so‘ng murabbiylar o‘tgan o‘yinlarni o‘zaro tahlil qilishlari, olingan tajribani o‘rtoqlashishlari, raqib jamoalar va ularning o‘yin uslublari haqida fikr almashishlari kerak. Rejalar muhokama qilinib borilsa, yagona maqsad sari hamjihat ishlansa, sifat yanada yaxshilanadi, — deydi O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov.

Muloqot davomida futbol mutaxassislari, murabbiylar yurtimizda iqtidorli futbolchilar ko‘pligi, ularni kashf qilish esa eng muhim vazifa ekanligi, terma jamoa murabbiylari akademiya murabbiylari bilan aloqa o‘rnatgan holda bolalarning rivojlanish va o‘sish ko‘rsatkichlarini monitoring qilib borishlari kerakligini bildirishdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Odil Ahmedov, yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov, o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev futbolni aldab bo‘lmasligini, barcha o‘z ishiga sidqidildan yondashish lozimligini, yosh futbolchilarda liderlik salohiyatini shakllantirish, ularni psixologik tayyorlash, muhim o‘yinlarda his-tuyg‘ularni nazorat qilish bo‘yicha birgalikda ishlash borasida fikrlarini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida murabbiy va mutaxassislar tomonidan oldinda turgan musobaqalarga tizimli tayyorgarlik ko‘rish rejasi ishlab chiqilib, barcha yosh toifasidagi jamoalar uchun tatbiq etish taklifi ilgari surildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA