Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Investor Day” – “Yangi O‘zbekistonning investitsiya salohiyati” xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zmilliybank” AJ Buyuk Britaniyaning yetakchi “Standard Chartered Bank” banki bilan “Multilateral Investment Guarantee Agency” (MIGA) jahon eksport-kredit agentligi kafolati ostida kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Ma’lumot uchun, MIGA eksport – kredit agentligi va Jahon banki guruhining a’zosi. Institut rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jalb qilingan kredit liniyalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha turli mamlakatlarning moliya institutlari bilan hamkorlik qiladi. MIGA eksport kredit agentligining asosiy afzalligi – ma’lum bir mamlakat tarkibiga bo‘lgan talabning yo‘qligi. Bu esa istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini moslashuvchan tarzda tuzish imkonini beradi. Ikkala tomon o‘rtasida erishilgan kelishuv o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eksklyuziv bo‘lib, investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun uzoq muddatli kredit liniyalarini jalb qilish, shuningdek, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. “Standard Chartered Bank” kredit liniyasi kichik va o‘rta biznesning muqobil energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, transport, telekommunikatsiya va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish va import o‘rnini bosish ta’minlanadi.

“Standard Chartered Bank” Buyuk Britaniyaning eng yirik banklaridan biri bo‘lib, 1969 yilda tashkil etilgan. Bank aktivlari 820 milliard dollardan oshadi, kapital 50 milliard dollar va foyda 2,9 milliard dollarga teng. Xalqaro bozorda bank mahsulotlari va xizmatlarining barcha asosiy turlarini taqdim etadi. “Investor Day” – “Yangi O‘zbekistonning investitsiya salohiyati” xalqaro konferensiyasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA