Kuala Lumpur shahrida o‘tkazilgan Osiyo futbol konfederatsiyasi Hakamlar qo‘mitasining yig‘ilishida futbol hakamlarining malakasini oshirish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.
Osiyo futbolining 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan va jahon standartlariga asoslangan hakamlik tamoyillariga bag‘ishlangan anjumanda O‘FA birinchi vitse-prezidenti, OFK Hakamlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etib, futbol hakamlarini tayyorlashda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida yangi loyihalar ustida ish olib borilayotganini bildirib o‘tdi.
Yig‘ilishda “AFC Video Match Officials” rasmiylari guruhini tashkil etish, OFKga a’zo assotsiatsiyalarning 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan xalqaro hakamlar kvotalari hamda OFKning 2023-2027 yil uchun hakamlarni tayinlash bo‘yicha quyi qo‘mitasi a’zolari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, FIFA musobaqalarida osiyolik rasmiylarning soni rekord darajaga yetgani, jahon futbolining eng muhim uchrashuvlarini mintaqamiz vakillari nazorat qilayotgani qayd etildi.
Anjuman yakunida yaqinlashib kelayotgan Osiyo chempionatiga hakamlarning tayyorgarlik rejalari muhokama qilindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA