“Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari dasturidan bir qator sport turlari o‘rin olgan bo‘lib, hozirda barcha terma jamoalarimiz yilning eng muhim sport o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlarini olib bormoqda.
Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov kurash va jiu-jitsu bo‘yicha terma jamoalarimizning olib borayotgan hozirligi bilan tanishdi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutaxassislari ishtirok etgan yig‘ilishda Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik davlatimiz tomonidan to‘laligicha qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi. Ishonchga munosib bo‘lish, o‘quv-mashg‘ulot tizimi, sportchi va murabbiylarning texnik-taktik holati, ruhiy va jismoniy imkoniyatlari tahlil etildi. Osiyo o‘yinlarida raqib jamoalar, ularning imkoniyatlarini o‘rganish masalasi, kutilayotgan medallarning soni hamda sifati muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, milliy sport turimiz kurash 2018 yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida azaliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish bilan birga O‘zbekiston sport delegatsiyasiga eng ko‘p oltin medal keltirgan sport turi hisoblanadi. Suhbat davomida kurashchilarimiz Xitoyda ham delegatsiyamizning muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shishni maqsad qilayotgani bildirildi.
O‘z navbatida, jiu-jitsu bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi a’zolarining rejalari xususida so‘z yuritilib, har bir sportchining holati borasida mutaxassislar axborot berdi.
Muloqot yakunida sportchilarning farmakologik ta’minotini kuchaytirish, ularni tizimli tarzda ko‘rikdan o‘tkazish, ishlab chiqilgan tayyorgarlik rejasini yana bir karra tahlil etish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar aytib o‘tildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA