O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari sentyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.

Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

Ma’lumki, terma jamoamiz a’zolari joriy yil sentyabr oyida FIFA kunlari doirasida Bolgariya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi reja qilingandi.

Biroq, murabbiylar shtabi qaroriga ko‘ra, Yevropa safari bekor qilinib, hamyurtlarimiz Amerika Qo‘shma Shtatlarida yig‘in o‘tkazishni maqsad qildi.

Okean ortida o‘tkazilishi kutilayotgan yig‘in doirasida O‘zbekiston terma jamoasi 9 sentyabr kuni FIFA reytingida 11-o‘rinda borayotgan AQSH milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.

Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 10 sentyabrga o‘tar kechasi 03:30 da Missuri shtati Sent-Luis shahridagi “City Park” stadionida boshlanadi.

Ushbu uchrashuvning tashkil etilishi bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ijobiy hal etilgan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA