Suriya, Turkiya va Eron Rossiya taklif qilgan “yo‘l xaritasi” konsepsiyasini kelishib oldi. Mazkur hujjat Anqara bilan Damashq o‘rtasidagi munosabatni yaxshilashga qaratilgan, deya bayonot berdi RF Prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
– Tomonlar munosabatni yaxshilash jarayonini harakatga keltirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” konsepsiyasi bo‘yicha bir to‘xtamga keldi, fikr almashishdi, takliflarini bildirishdi, – dedi siyosatchi. – Endi konsepsiyani tizimlashtirish va bandlar bo‘yicha kelishuvga erishish lozim.
Uning ta’kidlashicha, jarayon muayyan vaqt talab qiladi. – Eng muhimi ish olg‘a siljidi, – deya qo‘shimcha qilgan Lavrentev. – Masalani cho‘zishdan ma’no yo‘q, bu borada hamma yakdil.
Rossiya, Turkiya, Suriya va Eron tashqi ishlar vazirlari 10 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘i “yo‘l xaritasi” loyihasi ustida ish boshlashga kelishib olgan edi. 20 iyun kuni esa ularning o‘rinbosarlari Ostonada uchrashib, ayni masalani muhokama qilgan.