Geografik jihatdan dengiz yo‘lidan ayri O‘zbekiston uchun arab davlatlari bilan hamkorlik qilish Markaziy Osiyoning xalqaro tranzit, transport va kommunikatsiya tarmog‘ini takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shu bois hukumatimiz keyingi yillarda, jumladan, Arabiston yarim oroli janubi-sharqida joylashgan O‘mon sultonligi bilan turli soha va yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yaqinda O‘monning yetakchi nashrlaridan biri – “Times of Oman” gazetasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri O‘tkir Alimovning “O‘zbekiston va O‘mon munosabatini mustahkamlashda mushtarak maqsadlar bisyor” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Muallif qayd etishicha, “…arab mamlakatlari Markaziy Osiyo uchun O‘rta Yer, Qizil va Arab dengizlari, Suvaysh kanali va Fors ko‘rfazi orqali jahon bozoriga chiqish yo‘lida tranzit vazifasini o‘taydi. 2016 yil Eron Islom Republikasi, O‘mon sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagi yaratish to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirgan. Hozir mazkur Ashxobod shartnomasi doirasida “Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon – Hindiston” submintaqaviy transport yo‘lagi shakllantirilmoqda. Bu sa’y-harakat Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi portlari orqali tovarlarni uzluksiz tashish, tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagi yaratishga yo‘naltirilgan”.
Masqatdagi hamkasblarimiz ham madaniy-ma’rifiy aloqani rivojlantirishda ommaviy axborot vositalari o‘rni muhimligini e’tirof etmoqda.
Darvoqe, ushbu nashrning xalqaro aloqalar bo‘yicha maxsus muxbiri Ashok Purohitning OAV sohasidagi hamkorlik istiqboli tahliliga bag‘ishlangan maqolasini tez kunda uza.uz saytida o‘qishingiz mumkin.
Umuman, har ikki davlat hamkorlik ko‘lamini yanada faollashtirish tarafdori. Neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, turistik almashinuv dasturlarini birgalikda yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi va yuk oqimini kengaytirish, OAV sohasi bo‘yicha madaniy almashinuvni kuchaytirish uchun imkoniyatlarimiz bisyor.
O‘zA