Yangi qaror
Yurtimizda shaxmatga e’tibor ancha yuqori. Buni ko‘plab xalqaro musobaqalarda yoshlarimizning tengsiz ekanligi ham yaqqol isbotlab turibdi.
Shaxmat bilan oila davrasida ham muntazam shug‘ullansa bo‘ladi. Buning uchun katta resurs – maydonlar, moslashtirilgan inshootlar, maxsus mashg‘ulot uskunalari talab qilinmaydi. Boshqacha aytganda, xarajati nisbatan kam, foydasi esa juda katta sport turi sanaladi.
Lekin “aql gimnastikasi” bilan professional, xalqaro talablar asosida shug‘ullanish boshqa masala. Dunyoda tengsiz bo‘lish sohaga katta e’tibor talab qiladi.
Mamlakatimizda shaxmat va unga qiziquvchi yoshlarni rag‘batlantirish masalasi yangi bosqichga chiqmoqda. Xususan, bir qator sport inshootlari va boshqa ob’ektlar FIDE talablariga muvofiq tayyorlanmoqda. Ular zarur jihozlar bilan ta’minlanadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga shaxmatni soddalashtirilgan tarzda o‘rgatuvchi animatsion o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, barcha bosqichdagi ta’lim muassasalarida shaxmat bo‘yicha liga bahslari o‘tkaziladi. Bu musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar “Shaxmat stipendiyasi” bilan rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kelasi yildan boshlab har yili professional shaxmat klublari o‘rtasida “O‘zbekiston birinchiligi” musobaqalari tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu kabi yangiliklar yana ko‘plab keltirilgan.
Quyida ushbu hujjat ijrosi doirasida qilinadigan ishlar, istiqbolda kutilayotgan natijalarni tahlil qilishga harakat qilamiz.
O‘tgan yili Xalqaro shaxmat federatsiyasining kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressini 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Aslida bunday nufuzli tadbirga mezbonlik istalgan davlatga berilavermaydi. O‘zbekiston bu kabi tadbirlarni o‘tkazishga haqli ekanini isbotlamoqda.
Shaxmat olamida Rustam Qosimjonovning o‘z o‘rni bor. U erishgan natijalar shunchaki tasodif emasligini bugun yoshlarimiz qayta-qayta isbotlamoqdalar. Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov kabi grossmeysterlarimiz shaxmat osmonining yorqin yulduzlariga aylanib bormoqda.
Davlat rahbarining qarori mana shunday sharoitda qanday muhim ahamiyatga ekanligini tasavvur qilish qiyin emas. Hujjat bilan tanishar ekansiz, uning mohiyatan uch qismga bo‘linganini ko‘rasiz. Avvalo, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yurtimizda yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yurtimizda professional shaxmatni rivojlantirish, Butunjahon shaxmat olimpiadasiga jamoalarni shakllantirish va tayyorlash, malakali trenerlarni jalb qilish kabi masalalar kiritilgan. Yana muhim tomoni, bu sport turining ommaviyligini ta’minlash uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimligi qayd etilgan.
Qaror bilan 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi. Mazkur qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarlik qiladi.
– Tashkiliy qo‘mitaga muhim vazifalar yuklangan, – deydi O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Umidilla Sattorov. – Birinchi galda shu yilning 1 dekabriga qadar FIDE rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha FIDE bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash belgilangan. Bundan tashqari, bu olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish jarayoniga volontyorlarni jalb etish kabi masalalar qo‘yilgan.
Ushbu shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul tashkilot etib O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi belgilandi. Federatsiya mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkaziladigan sport inshootlari va boshqa ob’ektlarni FIDE talablariga muvofiq tayyorlaydi. Ularni zarur bo‘ladigan sport, tibbiy, texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi. Shuningdek, olimpiadada ishtirok etuvchi erkaklar va ayollarning uchtadan milliy terma jamoalarini shakllantirish kabi masalalarni ham hal etadi.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yildan boshlab har yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq 50 milliard so‘mgacha mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishi ta’minlanadi.
Qarorda shaxmatni keng targ‘ib qilish, uni ommaviy harakatga aylantirish masalasiga e’tibor qaratilganini ta’kidlagan edik. Buning uchun qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?
Hujjatga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga shaxmatni soddalashtirilgan tarzda o‘rgatuvchi animatsion materiallar va o‘quv qo‘llanmalari yaratiladi. Bolajonlarni shaxmatga qiziqtirish bo‘yicha “Shaxmat bog‘chadan boshlanadi” maxsus dasturi amalga oshiriladi. Har yili barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida musobaqa va ligalar o‘tkazib boriladi. Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab “Shaxmat stipendiyasi” ta’sis etilishi ko‘zda tutilmoqda.
– Qarorda kelgusi yilning 1 yanvaridan xususiy shaxmat klublariga ular tomonidan shaxmat to‘garaklarini tashkil etish va aholiga xizmat ko‘rsatishda imtiyozlar beriladigan bo‘ldi, – deydi nodavlat shaxmat maktabi rahbari Ravshan Shukurov. – Xususan, davlat mulki ob’ektlari hamda hududlardagi “Yoshlar markazlari”dan ijara to‘lovlarisiz joy ajratiladi. O‘zbekistonda shaxmatga qiziqish ortayotgan, bizniki kabi muassasalarga ehtiyoj yuqori bo‘lib turgan bugungi sharoitda bu juda muhim deb o‘ylaymiz. Kelgusida faoliyatimiz, qamrovimiz yanada ortadi. Bog‘cha va maktablarga kirib boramiz. Endi o‘z-o‘zidan ichki musobaqalar soni ham ortadi.
Shaxmatni ommalashtirishda barcha mehnat jamoalariga kirib borish ham nazarda tutilmoqda. Xususan, Qurolli Kuchlar tizimida, shu jumladan, harbiy ta’limga yo‘naltirilgan tashkilotlarda, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish nazarda tutilgan.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasi yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonamiz. Bu kabi yirik tadbirlarga mezbonlik qilish yana qanchadan-qancha iqtidorlarning yuzaga chiqishiga zamin bo‘lishi shubhasiz.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri