Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya – Islom dunyosi: Qozon forumi-2023” xalqaro iqtisodiy anjumani doirasida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) mamlakatlari va Rossiya federatsiyasi axborot agentliklari rahbarlari ishtirokidagi “Rossiya – Islom dunyosi: barqaror rivojlanish va iqtisodiy farovonlik yo‘lida media hamkorlik” maxsus kengaytirilgan sessiyasi tashkil qilindi. Uchrashuvda qator davlatlardan kelgan mutaxassislar mavzuga oid fikr, mulohazalarini o‘z media tashkiloti faoliyati misolida taqdim etishdi.
“Ittifoqimiz qiyinchiliklarga qarshi kurashish uchun qulay platforma, shuningdek, o‘zaro yaqinlashish nuqtasidir”, deydi IHT mamlakatlari axborot agentliklari ittifoqi xalqaro aloqalar va strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Yunus Inoyat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda yaqin Sharqda hamkorlikni rivojlantirish uchun RT televizion tarmog‘ining bir bo‘lagi – «Ruptli» xalqaro video agentligi o‘z vakolatxonasini ochadi.
– Hozirgacha Berlin va Moskvada qarorgohiga ega agentligimiz endi Abu-Dabida ham idora ochadi, – dedi Yunus Inoyat. – 10 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan jamoa tarkibidagi 2 mingdan ziyod jurnalist bugun dunyoning barcha nuqtalaridan ma’lumot uzatmoqda. Xodimlarimiz kvadro kopterdan foydalangan holda video mahsulotlar ham tayyorlamoqda. Biz hamkorlik doirasida birgalikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Bu jarayonda hamkasblarimiz video yoki boshqa shakldagi har qanday yangilikning haqiqiyligi qanday aniqlanishini o‘rganishlari mumkin.
Media sherikligini rivojlantirish tendensiyasini hisobga olgan holda, Rossiya jurnalistlar uyushmasi kotibi Timur Shafir xalqaro jurnalistlar klubi tuzishni, ayni jarayonda sherik media tashkilotlari, jumladan Rossiya jurnalistlar uyushmasi bilimi, imkoniyati va infratuzilmasidan foydalanishni taklif qildi.
– Klub Moskvada joylashadi, tadbirlarni esa boshqa shaharlarda, chet ellarda o‘tkazish ham mumkin, – dedi Temur Shafir bu g‘oya haqida batafsilroq gapirarkan. – Forumlar, jurnalist va talabalar uchun uchrashuv, trening, seminarlar, ehtimol, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sayt orqali til kurslari tashkil qilinadi. Klubga Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo mamlakatlari jurnalistlari jalb etiladi. Ish tamoyili umumiy bo‘ladi.
– RT Arabic” allaqachon arab talabalari va OAV uchun ta’lim loyihalari va boshqa noyob amaliyotlar taklif qilmoqda, – dedi kanal rahbari Maya Manna.
– Biz Arab kanali sifatida mintaqaviy hamkasblarimiz bilan yaxshi aloqadamiz, kelajakda jurnalistlar amaliyot o‘tashi uchun universitetlar bilan o‘zaro hamkorligimiz bor. Biz OAVga xodimlarni o‘qitishda yordam berishni xohlaymiz. 15 yil davomida biz ajoyib jamoa shakllantirdik. Ijtimoiy tarmoqdagi tomoshabinlar soni bo‘yicha “Al-Jazira” va “Al-Arabiya”dan ilgarilab ketganmiz. Biz reallik va tashqi cheklovlarni hisobga olgan holda o‘zgarishga harakat qilib, muvaffaqiyatli tajriba to‘pladik. Bu malakani g‘arb ommaviy axborot vositalari bilan baham ko‘rishimiz mumkin. Treninglar o‘tkazishga tayyormiz.
Maya Manna, shuningdek, yaqinda kanal o‘quvchi yoki tomoshabin har qanday RT mahsulotini yuklab olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtira oladigan tugma ishga tushirilganini aytdi: Biz avvallari bunday holatlar bilan kurashardik, ko‘chirib bosish qoidasiga rioya qilinishini so‘rardik. Endi esa kontentni ochiq taklif qilyapmiz: marhamat, tarqating. Video faktlarni oling va voqeani turlicha nuqtai nazardan tahlil qiling.
– Biz yosh jurnalistlar, talabalar bilan kontent almashish, ular uchun trening tashkil etishning turli shakllarini amaliyotga joriy qilganmiz, – dedi “Rossiya segodnya”/Sputnik” media guruhi Xalqaro hamkorlik direksiyasining OAV bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Asya Samoylova. – Shuningdek, kompaniyamiz IHT mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasi bilan birga qo‘shma ma’ruzalar o‘qishni taklif qiladi.
Sessiya yakunida jurnalist, Misrdagi Rossiya va sobiq sovet oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari assotsiatsiyasi asoschisi Ged Sharif Hasan Muhammad OAV vakillariga zamonaviy dunyoni rus madaniyatisiz tasavvur etib bo‘lmasligini unutmaslik zarurligini eslatdi. Binobarin, 2023 yil mart oyida 40 dan ziyod mamlakat vakillari xalqaro rusofil harakatini tuzishga qaror qilgani bejiz emas.
Kengaytirilgan media sessiyasi yakunida IHT mamlakatlari axborot agentliklari Ittifoqi va Tatariston Respublikasi (Rossiya) Matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘rtasida axborot sohasida ikki tomonlama professional hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
“Rossiya – Islom dunyosi” xalqaro iqtisodiy forumi tashqi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA