Islom mamlakatlari uchun yangi axborot imkoniyatlari ochilmoqda. Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya – Islom dunyosi: Qozon forumi-2023” xalqaro iqtisodiy anjumani doirasida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) mamlakatlari va Rossiya federatsiyasi axborot agentliklari rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan media sessiyasida shunday xulosaga kelindi.

“Rossiya – Islom dunyosi: barqaror rivojlanish va iqtisodiy farovonlik yo‘lida media hamkorlik” mavzusidagi maxsus sessiyada BAA, Rossiya, Iroq, Marokash, Turkiya, Tunis, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Misr va boshqa mamlakatlar yetakchi media ekspertlari – IHT mamlakatlari vakillari so‘zga chiqdi.

Yirik televideniye va radio kompaniyalari rahbarlari, mutaxassislari barqaror rivojlanish muammosini hal qilishda “media diplomatiyasi”ning roli va imkoniyati, zamonaviy dunyoda mamlakatlar o‘rtasida axborot sherikligi istiqbolini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning eng faol hamkorlaridan biri – Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasi bosh direktori Muhammad Al-Yamiy sheriklik ko‘lamini kengaytirish rejasi, xususan “Rossiyaning rolini aks ettirish uchun” tashkilotning yangilangan axborot platformasiga rus tilini joriy etish rejasi haqida ma’lumot berdi. Uning fikricha, nafaqat biznes, balki axborot sohasida tajriba almashish ham xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

“Ittifoqimiz platformalari ham ta’lim, ham axborot yo‘nalishida birlashish uchun tayyorligini e’lon qilamiz”, dedi Muhammad Al-Yamiy.

– Rossiyaning o‘ziga xosligi Islom tarkibiy qismi va rus madaniyatini uyg‘unlashtirish, turli xalqlar o‘rtasida gumanitar ko‘priklar o‘rnatish imkonini beradi, RF va Islom dunyosini o‘zaro yaqinlashtiradi, – deydi IHT mamlakatlarni axborot yo‘nalishida rivojlantirish departamenti direktori Vajdi Sindi.  Bu jarayonda OAV muhim o‘rin egallaydi. Umid qilamizki, hamkorligimiz odamlar hayoti sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy omillarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Islom savdo markazi bosh direktori Latifa Al-Buabdullaviy bu fikrga qo‘shimcha qilib, shunday dedi: Niyatimiz Islom dunyosi mamlakatlari, barcha sheriklar o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama savdoni, investitsiyani rivojlantirishdir. Ayni maqsadga jurnalistikasiz erishib bo‘lmaydi.

– Muvaffaqiyatli axborot sherikligi kaliti nafaqat jahon siyosati va iqtisodiyotining asosiy muammolariga yondashuvning yaqinligida, balki umumiy an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni belgilash va media makonida himoya qilishda ham, – deydi “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi hamda Federatsiya Kengashi xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farit Muxametshin, – Bugungi kunda tuzilmamiz Islom jurnalistlari va OAV bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

“Rossiya – Islom dunyosi” xalqaro iqtisodiy forumi tashqi matbuot xizmati bilan birgalikda tayyorlandi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA