Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan yurtimizda bo‘lib turibdi.

Bugun, 24 may kuni oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va boshqa rasmiylar hamrohligida Toshkent shahridagi “Navro‘z” bog‘iga tashrif buyurdi.

Xalqimiz madaniyati, milliy qadriyatlarini chuqur ifoda etgan maskan – 2,5 gektar maydondagi etnografik shaharchaga aylantirilgan hudud haqida Prezident Halima Yaqubga so‘zlab berildi. O‘z navbatida Singapur rahbari bog‘, bu yerda amalga oshirilgan o‘ziga xos bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.

Darhaqiqat, olti yil avval ushbu loyiha bo‘yicha davlatimiz rahbarining qarori imzolangan. Hujjat ijrosi doirasida hududda katta qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Oradan ko‘p o‘tmay – 2019 yil bu joy xalqimiz va xorijlik sayyohlar uchun diqqatga sazovor maskanga aylandi.

Bog‘ mehmonlar uchun nafaqat madaniy hordiq joyi, balki katta tarixiy ma’lumot ulashadigan dargoh bo‘lgani ta’kidlandi.

Shu o‘rinda bog‘ni sayr qilgan kishi yurtimizda dehqonchilik madaniyati, rizq-nasiba beradigan  zaminni sevishga chorlovchi qadriyatlar qadim zamonlarga taqalishini yanada teranroq his qilishini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizning barcha hududlari – Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomlari bilan ataladigan ko‘chalar, qadimiy uslubdagi uylar, ko‘p ming yillik o‘ziga xos an’analar boy tariximizni jonlantirgandek bo‘ladi.

Singapur Prezidenti Halima Yaqubning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA