23 may kuni Pekinda Xitoy – Markaziy Osiyo axborot agentliklari forumi bo‘lib o‘tdi. Xitoyning yetakchi hukumat axborot agentligi – «Sinxua» tomonidan tashkil etilgan anjumanda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari yetakchi rasmiy axborot agentliklari – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, Tojikiston Milliy axborot agentligi – “Xovar”, Qirg‘iziston Milliy axborot agentligi – “Kabar”, “Qozog‘iston Prezidenti teleradiokompleksi” NAJ huzuridagi “Kazinform” xalqaro axborot agentligi, Turkmanistonning “MEDIA TURKMEN” axborot agentligi rahbarlari ishtirok etdi.

Forum ochilishida so‘zga chiqqan «Sinxua» Bosh direktori Fu Xua 18-19 may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishda o‘ziga xos platforma yaratgani, yangi istiqbol ochganini qayd etdi.

Axborot agentliklari forumi mazkur sammitning mantiqiy davomi ekani, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining muhim o‘rni borligi ta’kidlandi.

Tomonlar 6 mamlakat uchun yangi davr boshlangani, turli sohalar, xususan axborot almashishda hamjihatlikni, o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochilgani to‘g‘risida gapirib o‘tdilar.

Xitoy – Markaziy Osiyo axborot agentliklari birinchi xalqaro forumi ishi bo‘yicha yakuniy hujjat qabul qilindi.

Bugun, 24 may kuni Forum ishtirokchilari Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, qo‘mitaning Targ‘ibot bo‘limi mudiri Li Shu Li bilan uchrashadi.

Muloqot davomida besh mamlakat axborot agentliklari va Xitoy OAV hamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, tajriba va malaka oshirish bo‘yicha munosabatlarni rivojlantirish borasida fikr almashildi.

Abror G‘ulomov,

O‘zA

Xitoy, Pekin