Mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab 61 ta ijro etuvchi hokimiyat organlari soni 28 taga kamaytirildi.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish vazifasi qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirishni taqozo etmoqda.

Shu bois “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 59 ta qonuni va 6 ta kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokamalar markazida bo‘lgan mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobdorligi va mas’uliyatini kuchaytirish, ularning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi hamda mablag‘larning sarflanishi yuzasidan barcha ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA