Qirg‘iziston hukumati yaqin yillarda respublika hududida yuz minglab yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish niyatida, dedi bosh vazir o‘rinbosari
Edil Baysalov hukumat majlisida so‘zga chiqib.
“Hozircha respublika rahbariyati yuz minglab yangi ish o‘rinlarini mamlakat hududida yaratish ustida qattiq ishlamoqda, yaqin yillarda biz baribir ishchi kuchimizni xorijga eksport qilishga majbur bo‘lamiz”, – deya keltiradi Baysalovning so‘zlarini vazirlar mahkamasi matbuot xizmati.
Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bunday sharoitda eng muhimi xorijga ishlashga ketayotgan Qirg‘iziston fuqarolarining kasb malakasini oshirishga e’tibor qaratish. “Masala shundaki, biz odamlarimizni yuqori maosh to‘lanadigan ishlarga jo‘natishimiz kerak. Rossiya, Yevropa va Osiyoda biz uchun millionlab vakansiya ochiq turibdi, biroq biz shu darajaga munosib bo‘lishimiz kerak. Hozirda biz uchun dolzarb bo‘lgan masala – fuqarolarimizni xorijiy tillarga o‘qitish, kasb malakasini oshirishdan iborat”, – degan u.
Qirg‘iziston mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda respublikadan 1,5 million fuqaro xorijda ishlaydi, ushbu raqam yildan-yilga oshmoqda. Hukumatning ma’lum qilishicha, xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan qirg‘izistonliklarning taxminan 80 foizi Rossiyada ishlamoqda.