Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi tashkilotiga kiruvchi Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Bahrayn, Kuvayt va Ummon shengen hududiga o‘xshash yagona viza hududini yaratish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar tarqatdi Arabian Business nashri.
Xususan, Bahrayn turizm vaziri Fotima as-Sayrafi, BAA iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Abdulla Al Solih va Saudiya Arabistoni turizm boshqarmasi direktori Faxd Xamidaddin dushanba kuni Dubayda ochilgan Arabian Travel Market ko‘rgazmasida ushbu masala bo‘yicha muzokara o‘tkazgan. Arabian Business nashrining ta’kidlashicha, uchrashuv ishtirokchilari Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi tashkiloti hududida viza tartiblarini unifikatsiya qilish zarurligini ta’kidlashgan.
“Fors ko‘rfazi mintaqasida shengen vizasiga o‘xshash viza tartibi joriy qilinishi ulkan foyda keltiradi va uni tan olish jug‘rofiyasi ham kengayadi. Fors ko‘rfazi mamlakatlariga safar qilish osonlashsa, bu turistik soha rivojiga ijobiy ta’sir qiladi, sayohatchilar esa chegaralarni kesib o‘tayotganda cheklovlarga duch kelmaydi”, – deya ta’kidlagan Saudiya Arabistoni vakili Faxd Xamidaddin.