FIFA prezidenti Janni Infantino joriy yilning 5-6-may kunlari O‘zbekistonga keladi.
Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, yurtimizda futbolni ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda mamlakatimizda millionlar o‘yinini yanada rivojlantirishga oid hamkorlik loyihalarini muhokama qilish nazarda tutilgan.
FIFA rahbari Janni Infantino boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida mamlakatimizda FIFA bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan terma jamoalar bazasini (“Do‘stlik”) ko‘zdan kechirish, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA