O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umra ziyoratiga yuborishda davlat tomonidan yordam berish borasidagi iltimosi Prezidentimiz tomonidan qanoatlantirilib, bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida 100 nafar qoraqalpog‘istonliklar ham Umra ziyoratiga borib qaytdi.

Nukus temir yo‘l vokzalida ziyoratchilar tantanali kutib olindi.

Ushbu ziyoratning sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamga hamda jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi. Umra va Haj ziyoratiga borish uchun uzoq yillar muddat kutadigan yurtdoshlarimiz endilikda amallarini hech bir muammosiz ado etib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda Haj va Umra safarlarini yuqori darajada tashkil etish, yurtdoshlarimizga ushbu ibodatlarni chiroyli ado etishlari uchun har tomonlama sharoitlar hozirlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Muborak safarlarni yuqori saviyada tashkil etish, namunali xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ziyoratchilar ta’kidlaganidek, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan xonadonlar vakillarining davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Umra ziyoratiga yuborilishi barcha uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Bunday imkoniyat va g‘amxo‘rlik uchun ular davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildirishmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA