Energetika vazirligida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde xonim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlarining ko‘magida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya tejamkorlik, energetika sohasini rivojlantirish rejalari xususida so‘z bordi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energiya resurslari integratsiyasi va bozorini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, joriy yilda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan, 2 100 MVtli yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVtli ijtimoiy soha ob’ektlari, xo‘jalik sub’ektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MVtli tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, uchrashuvda iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash tizimlarini rivojlantirish dasturlari, yaqin yillarga mo‘ljallangan istiqbolda yuqori kuchlanishli transformatorlar va uzunligi 5 ming kilometr bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Unda Anna Berde xonim yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan, “yashil” energetika, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lidagi islohotlarni yuqori baholar ekan, ushbu sohani rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini ta’kidladi. Shuningdek, elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirish masalalarini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
O‘zA