Ta’kidlash kerakki, Iqtisodiy faollik barometri hududlardagi iqtisodiy o‘sish tendensiyasini aks ettiradi hamda nomutanosibliklarni kamaytirish choralarini ko‘rish, shu bilan birga, hududlarda ishbilarmonlikni oshirish chorasini topish uchun samarali vosita hisoblanadi.
Shu sababli, yaqinda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekiston hududlaridagi Iqtisodiy faollik barometrini tahlil qildi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha guruhi rahbari Elnora Yakubova tadqiqot natijalari haqida O‘zA muxbiriga gapirib berdi.
– Ma’lumki, Iqtisodiy faollik barometri (IFB) hududlardagi iqtisodiy o‘sish tendensiyasini tahlil qilishda muhim tahliliy vositadir, – dedi E.Yakubova. – Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha IFBni baholashda 12 ta statistik ko‘rsatkichni o‘z ichiga olgan 3 ta tarkibiy qism yuzasidan nisbiy taqqoslash va “Pattern” usullari qo‘llanildi.
2017 – 2022 yillar bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollikning nisbatan yuqori darajasi Toshkent shahri, Jizzax, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlarida IFB indeksi 0,500 dan yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu hududlar guruhi (Jizzax viloyatidan tashqari) IFBda dinamik iqtisodiy o‘sish asosan sanoat ishlab chiqarishi, chakana savdo, qurilish ishlari, tovarlar va xizmatlar eksporti hisobiga kuzatilmoqda. Yalpi hududiy mahsulotning mo‘’tadil o‘sishiga qaramay, Jizzax viloyati IFBning yuqoriligi iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish hisobiga ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, IFB Jizzax, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlari iqtisodiy rivojlanish darajasining oshishida ham o‘z aksini topdi.
O‘rtacha faollik darajasiga ega bo‘lgan ikkinchi guruhdan Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari joy olgan bo‘lib, ushbu guruhda tadbirkorlik yaxshi rivojlangan, lekin ishlab chiqarish sur’ati nisbatan pastdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining nisbatan past iqtisodiy faolligi tabiiy resurslar va xomashyo resurslaridan samarali foydalanishni inobatga olgan holda eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishni qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.
Ushbu muammo iqtisodiyoti agrar yo‘nalishga ega hududlar, ya’ni Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, YAHMda qishloq xo‘jaligining ulushi 40 foizdan ortiq, sanoatning ulushi esa 17-18 foiz hamda iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo‘lgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari, YAHMning aholi jon boshiga ko‘rsatkichi mamlakat miqyosidagi ko‘rsatkichdan 1,6-2 marotaba pastligi uchun ham dolzarbdir.
Umuman olganda hududlarning 2017-2022 yillardagi IFB darajasi nisbatan past rivojlangan hududlar – Jizzax, Namangan, Xorazm viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qildi. Ayni paytda tadbirkorlik va biznesni kengaytirish hududlarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishning yetakchi bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA