Qonun loyihasiga sharh

bugungi kunda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni yanada xalqchil qomus sifatida tayyorlash bo‘yicha ishlar qizg‘in kechmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida belgilanayotgan ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq yangi norma xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova quyidagilarni ta’kidladi:

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosatini qat’iy davom ettirishga qaratilgan qoidalar mustahkamlanayotganligini alohida e’tirof etish joiz. Xususan, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mustahkamlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, axborot maydonida axborotlar qanchalik xolis bo‘lsa, kutilgan axborot bo‘lsa hamda shunchaki ma’lumot emas, tahlillarga boy bo‘lsa, ana shunda aholiga nafi tegadi hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi. OAV davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik. Ana shu ko‘prikning mustahkamligi ikkala tizimning rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

Amaldagi Konstitutsiyamizning 67-moddasi OAVning erkinligi, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi kabi qisqaroq normalarni izohlar edi, xolos. Endilikda taqdim etilayotgan normaga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilayotgani axborot olami vakillari uchun erkinlikni ta’minlaydi. Qolaversa, soha rivojiga, axborotlar sifati oshishiga, mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligi yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Muhtarama Komilova yozib oldi.  

O‘zA