Poytaxtimizda «Qurilish – UzBuild 2023» 24-xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Qurilish sanoati xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mahalliy va xorijlik mutaxassislar, ekspertlar qurilishning zamonaviy tendensiyalari va ko‘chmas mulkni boshqarishning dolzarb masalalarini hal qilishning yangi yondashuvlari haqida so‘z yuritdi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Bahodir Ismoilovning qayd etishicha, ushbu anjuman qurilish sanoati mutaxassislari va kompaniya vakillari uchun har jihatdan foydali bo‘ldi. Negaki, ular ko‘rgazmada soha yangiliklari, anjumanda esa bu yo‘nalishlarda  ilmiy-nazariy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi.

–Xalqaro ko‘rgazmada 100 dan ortiq mahalliy 350 ga yaqin xorijiy kompaniyalar ishtirok etyapti.  Bu yilgi ko‘rgazma ishtirokchilar soni, yangi turdagi mahsulot va texnologiyalari bilan yanada e’tiborlidir. Xorijiy eksportyorlar tomonidan tashkil etilayotgan seminarlar esa jahon tajribasini o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mana bugun ko‘rgazmani ikkinchi kuni bo‘lishiga qaramasdan xorijiy tadbirkorlar bilan bir qator kelishuvlarga erishildi. Albatta, bunday tadbirlar kelgusida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarini jahon bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga, yangi hamkorlarni topishga xizmat qiladi, –dedi B.Ismoilov.

Anjumanda ma’ruzachilar zamonaviy qurilish: yangi yondashuvlar, tushunchalar va xalqaro standartlar, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, savdo ko‘chmas mulki, mehmonxona biznesi, qurilishni boshqarish, sanoatni o‘zgartirish va raqamlashtirish kabi masalalarda fikr almashmoqda. Shuningdek, qurilishda yuzaga keladigan ko‘plab muammolar va qiyinchiliklarning yechimlari ham ular e’tiboridagi dolzarb mavzulardandir.

Ta’kidlash kerakki, qurilish sanoati IT yechimlar va avtomatlashtirishni faol joriy etish va ulardan foydalanish tufayli eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biridir. Anjuman doirasida qurilishni o‘zgartirish va raqamlashtirish, BIM texnologiyalari taqdimoti, qurilishning turli bosqichlarida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlariga ham e’tibor qaratilmoqda.

Anjuman doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasining maxsus sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda standartlar va “yashil” qurilishni xalqaro sertifikatlash tizimi haqida so‘z yuritildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA