Har bir davlat o‘z fuqarolari manfaatlarini himoya qiladi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor fuqarolar hamisha e’tiborda bo‘lgan, qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlashda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Qaror bilan endilikda nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish belgilandi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar, ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar beriladigan bo‘ldi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi.

Ma’lumot uchun, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60foizga yetkazish belgilangan.

Mazkur ko‘rsatkichga erishish doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023 yilda muhtoj shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangan sifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, shu jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlaydi.

 

O‘zA