Chempionat joriy yil 17-18 mart kunlari Bangladesh sport va yoshlar vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi hamda Bangladesh kurash assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etiladi.

Kuni kecha Toshkentda joylashgan Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasi raisi Komil Ro‘ziyev tashabbusi bilan Bangladesh sport va yoshlar vazirligi, ushbu davlat Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, mutaxassislari ishtirokida onlayn tarzda chempionatga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

Musobaqalar doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar, xususan kurash murabbiylari va hakamlar uchun xalqaro seminar, kurashning azaliy an’analari, kelib chiqish tarixi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Aytish lozim, Janubiy Osiyo hududida kurash sporti so‘nggi yillarda barqaror rivojlanmoqda. Osiyo-Okeaniya tarkibiga kiruvchi 8 ta davlatdan 6 tasida kurash federatsiyalari ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Bangladesh kurash assotsiatsiyasi 2019 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, qisqa fursatda Xalqaro kurash assotsiatsiyasining to‘laqonli a’zolaridan biriga aylandi. Mamlakat sportchilari qit’a va jahon chempionatlarida, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

Muloqot davomida ta’kidlanganidek, Janubiy Osiyo chempionatini tashkil etish borasida Bangladesh kurash assotsiatsiyasi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib bormoqda. Musobaqalar “Mujib Centenary International Rankala Krira-2023” madaniy dasturlari doirasida Milliy sport kengashi gimnaziyasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Suhbat davomida chempionatning ramzi, g‘olib va sovrindor sportchilar uchun beriladigan medal va diplomlar, mehmonlarga taqdim etiladigan esdalik nishonlari xususida ham fikrlashildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA