Joriy yilning mart oyida mamlakatimiz 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘yinlariga mezbonlik qiladi.
1-18 mart kunlari qit’a futbol fanatlarining nigohi Toshkentga qaratiladi. O‘zbekiston 20 yoshgacha bo‘lgan futbol jamoalari orasida qit’a kuchlilarini aniqlaydi. Poytaxtimizning yashil maydonlarida yangi futbol yulduzlari kashf etiladi.
Futbol ixlosmandlari diqqat markazida bo‘ladigan mazkur qit’a kubogi o‘yinlarining bir qator uchrashuvlari musobaqa taqvimiga binoan poytaxtimizdagi “Bunyodkor” o‘yingohida o‘tkazilishi belgilangan. Aytish lozim, ushbu o‘yingoh 2012 yili foydalanishga topshirilgan. Stadion 34 ming nafar tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
“Bunyodkor” stadioni Osiyo kubogi guruh bosqichining 1 mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston-Suriya, 3 mart kungi Saudiya Arabistoni-Qirg‘iz Respublikasi, 4 mart kungi Iroq-O‘zbekiston, 6 martdagi Xitoy-Saudiya Arabistoni, 8 martdagi Koreya Respublikasi-Tojikiston o‘yinlarini qabul qiladi. Shuningdek, 11 martda o‘tkaziladigan chorak final, 15 martdagi yarim final hamda 18 mart kuniga belgilangan final uchrashuvi ushbu o‘yingohda o‘tkaziladi.
“Bunyodkor” stadioni administratsiyasi xabariga ko‘ra, ayni kunlarda ushbu o‘yingohda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida ta’mirlash ishlari davom etmoqda. O‘tgan yil iyul oyidan boshlangan bunyodkorlik harakatlari oxirlab qoldi.
Kuni kecha stadiondagi ta’mirlash ishlarining so‘nggi jarayonlari bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov yetakchiligidagi mutaxassislar tanishdi. Ta’mirlash va jihozlash ishlarining umumiy holati bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘yinlarida qit’aning 16 ta jamoasi sovrinli o‘rinlar hamda Indoneziyada o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. O‘yinlar “Bunyodkor” stadioni bilan birga poytaxtimizdagi “Lokomotiv”, “JAR” va “Istiqlol” stadionlarida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA