O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi belgilandi.
Farmon loyihasida aytilishicha, mazkur qonunda jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish belgilanadi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 3 yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulklar tergovda xatlangan bo‘lib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli, keyinchalik bekor qilingan.
Jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Hozirda jinoyat ishlari sudlarga faqat ayblov xulosasi bilan beriladi, natijada sudyalarda ish bilan tanishish jarayonining o‘zida ayblovga moyillik paydo bo‘ladi. Jinoyat protsessida tomonlar tengligini ta’minlash maqsadida himoyachi fikrini ham sudga kiritish belgilanadi.
O‘zA