Yoshlar siyosati va sport vazirligida mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport inshootlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olmagan sport turlarini qo‘llab-quvvatlash hamda tartibga solish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sohaga mas’ul xodimlar, mutaxassislar ishtirok etgan taqdimotda kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Mahallalarda barpo etilayotgan uch toifadagi sport maydonchalarining qurilish ishlarini belgilangan tartib asosida olib borish va jarayonlarni jadallashtirish ustuvor vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Qurib bitkazilgan sport maydonchalaridan samarali foydalanish, tozaligini saqlash bo‘yicha monitoring olib borish vazifasi belgilandi.

Shundan so‘ng olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olmagan sport turlarini rivojlantirish ishlari xususida fikr yuritildi. Mazkur sport turlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar bayon qilindi.

 

O‘zA