Afg‘onistondagi muvaqqat “Tolibon” hukumati AQSHning Afg‘onistonda ayollarga nisbatan kamsitish bilan bog‘liq qator afg‘on siyosatchilariga nisbatan viza cheklovlari joriy etish qarorini tanqid qilib chiqdi. Bu haqda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytiladi.
“Afg‘oniston hukumati AQSHning bu qarorini qoralaydi va mulohazali masalalar diplomatik kanallar va konstruktiv choralar orqali hal qilish kerakligini yana bir bor ta’kidlashga majbur. AQSH bilan munosabatlarimiz bosim o‘tkazish bilan nizolarni hal qilishga yordam bermasligini allaqachon ko‘rsatib berdi”, deyiladi hujjatda.
TIV bayonotida, shuningdek, viza cheklovlarining kiritilishi “inson huquqlarining buzilishi” ekanligi ta’kidlanadi va AQSH rasmiylarini 2020 yil fevral oyida imzolangan Doha kelishuviga rioya qilishga chaqiradi.
O‘zA