24 yanvar kuni Xalqaro Ta’lim kuni munosabati bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish videomurojaat yo‘lladi. BMT Bosh kotibi murojaatida ta’lim olish insonning asosiy huquqlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Ta’lim – bu jamiyat, iqtisodiyot va har bir kishi salohiyatining asosi hisoblanadi, biroq zarur investitsiya jalb qilinmagani bois, ushbu salohiyat yuzaga chiqmay qolmoqda. «Meni har doim ko‘plab hukumatlar olib borayotgan siyosatda va xalqaro hamkorlikka doir hujjatlarda ta’lim sohasiga juda kam e’tibor qaratilishi taajjublantiradi”, – deydi BMT rahbari. “Xalqaro Ta’lim kuni mavzusi bu yil investitsiya jalb qilishda ta’limga ustuvorlik berilishi zarurligini yana bir bor eslatadi”, degan u o‘z murojaatida.
Guterrishning ta’kidlashicha, investitsiyalar BMTning barqaror taraqqiyot sohasidagi 4 ta maqsadga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘tgan yili ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan sammitda ta’lim tizimi konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish uchun butun dunyodan vakillar to‘plangandi. Yangilangan konsepsiyadagi o‘zgarishlar har bir ta’lim olayotgan shaxsning muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaratilgan.
BMT bosh kotibining ta’kidlashicha, 130 dan ortiq mamlakat umumiy sifatli ta’limni davlat siyosatining markaziga aylantirishga va’da qilishgandi. «Ta’limni zarur bo‘lgan investitsiya bilan ta’minlash va sohani moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tashkil etishga chaqiriq ichki va xalqaro moliyalashtirishlarga yangi turtki berdi», – deb hisoblamoqda Antoniu Guterrish.
Uning aytishicha, sammit ishtirokchilari qizlarning ta’lim olishi, ta’lim berish usullarini transformatsiyalash, sohaga raqamli vositalarni keng qo‘llash hamda ekologik ta’lim tizimini joriy qilish kabi qator global tashabbuslarni ishga tushirdi. «Xullas, sammitda aniq choralar ko‘rish bo‘yicha mamlakatlar o‘z zimmasiga olgan vazifalarni hayotga joriy qilish vaqti keldi», – deya qo‘shimcha qiladi BMT rahbari.
Bundan tashqari, Guterrishning ta’kidlashicha, ta’lim olish imkoniyatini cheklovchi qonunlarga barham berish vaqti keldi. Shu maqsadda u Afg‘onistonning hozirgi hukumatini qizlarning o‘rta va oliy ta’lim olishini taqiqlovchi samarasiz qarorlarni bekor qilishga chaqirgan.
Antoniu Guterrish o‘z murojaatida mamlakatlarni 2023 va 2024 yillarda bo‘lib o‘tadigan Barqaror taraqqiyot bo‘yicha sammitga hamda Kelajak sammitiga munosib tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. «Eng avvalo men fuqarolik jamiyatlarini hamda yoshlarni kelgusida ham sifatli ta’lim olishga qaratilgan samarali investitsiyalarni ko‘paytirishni talab qilishga chaqiraman», – deydi u.
BMT rahbari murojaatnoma so‘nggida “teng huquqli jamiyat, iqtisodiy yuksalish va dunyoda barcha ta’lim olayotganlarning cheksiz orzularini” qo‘llab-quvvatlaydigan tizimni yaratishga zarurat borligiga ishonchi komil ekanini ta’kidlagan.
Saidmurod Rahimov, O‘zA