Trevel-ekspertlar 2023 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlarni aniqlab, Turkiya, Gruziya va O‘zbekistonni kuchli uchlikka kiritishdi, deb yozmoqda RIA Novosti Tutu.ru sayohat onlayn xizmatlari matbuot xizmati bergan ma’lumotga tayanib.

So‘rovda qatnashganlarning har ikkinchisi Turkiyani sayohat uchun eng zo‘r yo‘nalish ekanini ta’kidlashgan.

“Turkiyada kurortlar va sayohat ob’ektlari ko‘p, sayohatchi o‘zi yolg‘iz borsa ham yoki turistik paket turlaridan ham foydalansa bo‘ladi”, — deyiladi xabarda. 

“Ikkinchi o‘rin Gruziyaga berildi. So‘rovda ishtirok etganlarning fikricha, bu yurt sayyohlarni shirin taomlari, boy tarixi bilan o‘ziga jalb qiladi. Shuningdek, ushbu tog‘li ulkaga  nafaqat samolyotda, balki avtomobilda “Verxniy Lars” chegara o‘tish punkti orqali ham borish mumkin.

Respondentlar uchinchi o‘rinni O‘zbekistonga berishgan. O‘zbekiston o‘zining qadimiy shaharlari va mashhur tog‘lari bilan sayohatchilarda yaxshi taassurot qoldiradi, deyiladi ularning javobida.

Bundan tashqari, so‘rovda qatnashganlar kuchli o‘ntalikka BAA, Tailand, Misr, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eronni kiritgan.