Quvayt Vazirlar Mahkamasi raisi Ahmad Navaf al-Ahmad as-Saboh dushanba kuni hukumatning iste’fo berishi to‘g‘risidagi arizani Valiahd shahzoda Mash’al al-Ahmad as-Sabohga topshirganini ma’lum qildi. Bu haqda “KUNA” davlat agentligi xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror hukumat yig‘ilishida qabul qilingan.
Avvalroq “Al Anba” gazetasi mamlakat Milliy assambleyasi (parlament) bilan munosabatlardagi navbatdagi inqiroz tufayli Vazirlar Mahkamasi tomonidan bunday ariza berishi ehtimoli borligi haqida xabar bergan edi. Bu safar hukumatning kreditlar bo‘yicha hisobotlari bilan bog‘liq kelishmovchilik kelib chiqqan.
Quvaytda ko‘p yildan buyon saylanadigan parlament va Amir tomonidan tayinlanadigan hukumat o‘rtasidagi ziddiyat to‘xtamayapti. Shu sababdan 2022 yil 29 sentyabrda Milliy majlisga saylovlar o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi iste’fo bergan edi. Amaldagi hukumatni shakllantirish 16 oktyabrda yakunlangan edi.
O‘zA