Mahoratli shahmatchimiz Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida 85-marta o‘tayotgan “Tata Steel Chess” musobaqasida O‘zbekiston nomini ulug‘lamoqda.

Ayniqsa, kecha, 17 yanvar tunda 6 soatdan oshiq vaqt davom etgan shiddatli “aql jangi”da Nodirbek Abdusattorov eronlik Parham Magsudluni murakkab pozitsion holatda mag‘lub etdi.

Klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsen niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ushbu natija Nodirbek Abdusattorovni 4-tur yakunlaridan keyin 3 ochkoga ega bo‘lishini hamda Anish Giri bilan yetakchilikka erishishini ta’minladi.

Halqaro shaxmat federatsiyasi manbalari tarqatgan xabarga ko‘ra, Abdusattorov-Magsudlu o‘rtasidagi o‘ziga xos o‘yinni juda ko‘p ishqibozlar kuzatib borgan. Bu — “Tata Steel Chess-2023” turniri davomidagi o‘yinlar orasida ko‘plarning e’tibor markazidagi “duel” sifatida qayd etildi.

Ortda qolgan musobaqa turlaridan keyin aytib o‘tganimizdek, Abdusattorov va Giri 3 ochko jamg‘argan tarzda yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyingi 3-4-o‘rinlarni 2.5 ochkoga ega Fabiano Karuana i Rameshbabu Praggnanandaa egallab turibdi. 5-9-o‘rinlarda esa 2 ochko jamg‘argan Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Din Lijen, Uesli So, Ardjun Erigays bormoqda.

Xalqaro musobaqaning “Chellenjer” guruhida qatnashayotgan yana bir shaxmatchimiz Javohir Sindorov hindistonlik Adiban bilan qora donalarda o‘ynab, durangga erishdi.

Bugun, 18 yanvar Tata Steel Masters turniri ishtirokchilari uchun dam olish kuni.

19 yanvar kuni tashkil etiladigan 5-tur o‘yinida xalqaro turnirning markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tadi. Aynan shu kuni Nodirbek Abdusattorov-Magnus Karlsen uzaro kuch sinashadi.

 

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA