Birlashgan Arab Amirliklarida joriy yilning 22-fevral – 5-mart kunlari sportning qilichbozlik turi bo‘yicha kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida qoraqalpog‘istonlik sportchilar ham munosib ishtirok etdi.
Dunyoning 15 davlatidan sportchilar qatnashgan mazkur musobaqada Nukus melioratsiya va suv xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sherzod Mamutov va 2-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Fozil Genjebayev ikkinchi o‘rinni egalladi. Nukus olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Zaynab Dayibekova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olingan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari orasida qoraqalpog‘istonlik 3 sportchi va 1 murabbiyga ham O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan “Spark” avtomashinalari topshirildi.
– Sportning qilichbozlik turi Qoraqalpog‘istonga yaqinda kirib kelganiga qaramay ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarimiz orasidan iqtidorli sportchilarning yetishib chiqayotgani quvonarli hol. Mamlakatimizda sportga bo‘lgan katta e’tibor natijasida sportchi yoshlarimiz yuqori natijalarga erishmoqda, – deydi sportchilarning treneri Dauirbek Jiyemuratov.
– Biz kabi yosh sportchilarga qaratayotgan e’tibori uchun muhtaram Yurtboshimizdan minnatdorman, – deydi Zaynab Dayibekova. – Yaqinda Prezidentimiz menga “Nexia” avtomobilini sovg‘a qilgan edi. Bu rag‘batga javoban keyingi musobaqalarda bundan ham yuqori natijani qayd etaman.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning dekabr oyida Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida yosh sportchilarni erishayotgan yuqori natijalari bilan tabriklab, qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Zaynab Dayibekovaga “Nexia” avtomobilini sovg‘a qilgan edi. Shunday qilib, Zaynabda endi “Nexia” va “Spark” avtomobillari bor.