Prezident Buxoro shahridagi 54-maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘ldiMaktabgacha ta’lim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash doimiy e’tiborda. Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi davomida bunday muassasalarda bo‘lib, muammolarni o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berib keladi.

Prezidentning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bunday muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bog‘chalar qurish ishlari butun mamlakatda amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, mamlakatda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.

ba093b87-a433-d186-24bb-2baa5d557692.jpg

Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan bugun Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 343 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 7 tasi nodavlat, 1 tasi ichki ishlar boshqarmasi tasarrufida. Ularda 46 ming nafardan ziyod, ya’ni barcha bolalarning 35,1 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda.

54-maktabgacha ta’lim muassasasi 280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bu yerda 31 nafar pedagog va tarbiyachi bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda.

ca40669a-1c7b-183b-1272-3d043bd38d61.jpg

Davlatimiz rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.

Prezidentga bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Yangi tizimning afzalligi qisqa muddatli guruhlarda bolalarga mantiq, mental arifmetika, ingliz tili, amaliy va tasviriy san’at turlari interfaol usullar orqali o‘rgatiladi. U hududdagi bog‘chaga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

804b0f90-5cb7-14cc-1059-d4087c556b01.jpg

– Maktabgacha ta’limga bejiz e’tibor qaratayotganimiz yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. Shuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak.

Prezident mazkur muassasani viloyatdagi bog‘chalar uchun metodik tajriba almashish markaziga aylantirish, sohani yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash, xususan, pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga yuborib, ularni MTMlarga ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA