O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiyasi sudi Bosh prokurori Bekir Shaxin bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Turkiya delegatsiyasi vakillariga Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Prokuratura organlarining faoliyat yo‘nalishlari, olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildi va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Turkiya Oliy kassatsiya sudi Bosh prokuraturasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat prokuratura organlari faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Bekir Shaxin idoralararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Mehmonlar uchun Bosh prokuratura muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi.

Delegatsiya a’zolari muzeyning sud-huquq sohasining qadimgi va o‘rta asr davridagi ma’lumotlaridan boshlab, Turkiston ASSR, ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillar, mustaqillik ostonasi hamda hozirgi davr tarixi bilan tanishdi.

Bosh prokuratura Akademiyasida esa delegatsiya a’zolari o‘quv dargohi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Turkiya delegatsiyasi a’zolari istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan va atrofga ko‘rk berib turgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ham tashrif buyurdi.

Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiya sudi Bosh prokurori Bekir Shaxin O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA