Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan rejissyor Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan “Meros” (“Naslediye”) filmi xalqaro kinofestivallarda ishtirok etib, munosib taqdirlandi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Film Janubiy Amerikaning Peru mamlakati Lima shahrida o‘tkazilgan “Imperal International Film Festival”da ishtirok etib, “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi,  Hindistonning Kalkutta shahrida o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalda esa “Yilning eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Filmda o‘zbek va qozoq xalqlarining qadimiy do‘stligi, urf-odat va an’analarining uyg‘unligi badiiy ifoda etilgan.

Shuningdek, mazkur film Rossiya xalq artisti Nikolay Burlyayev raisligida o‘tkazilayotgan “Zolotoy Vityaz” xalqaro kinofestivaliga ham nomzodligi kiritilgan. Festival 22-28 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zA