Xabar berilganidek bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar «Davlat kadastrlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan Kadastr agentligi Milliy geografik axborot tizimini yuritish sohasida maxsus vakolatli organ hisoblanishi, davlat kadastrlari ma’lumotlari Milliy geografik axborot tizimiga faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etib borilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritiladigan davlat kadastrlarining axborotini taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi loyihada o‘z aksini topmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi va uning ayrim hududlari tabiiy-iqtisodiy salohiyatini yagona umumdavlat hisob-kitobi yuritilishini, baholanishini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimlari, ulardan saqlanadigan, yuritiladigan ma’lumotlarning aniqligini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA