O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ITB o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi. Islom taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga mablag‘ ajratilgani buning yorqin tasdig‘idir.
Hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko‘lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi bo‘yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida insoniyat taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.