Hindistonda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan “Indian Open” xalqaro turnirida chorak final bellashuvlari yakunlandi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Chorak finalning 52 kilogrammgacha vazn toifasida Xudoynazar Fayzov hindistonlik Mavia Laldin ustidan yirik hisobda zafar quchgan bo‘lsa, vazni 64 kilogrammgacha bo‘lgan Iqboljon Xoldorov mezbon sportchisi Ashishni mag‘lubiyatga uchratdi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Bobousmon Boturov nepallik Gala Binshu Prasadga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 75 kilogrammgacha vazn toifasida tajribali sportchimiz Isroil Madrimov afg‘onistonlik Hamid Azizini yengdi.
Endi xalqaro turnirning yarim final bahslarida Xudoynazar Fayzov filippinlik Marvin Tabamoga qarshi ringga ko‘tarilsa, Iqboljon Xoldorov hindistonlik Diirajni sinovdan o‘tkazadi. Bobousmon Boturov yana bir mezbon bokschi Sing Negi bilan, Isroil Madrimov esa Hindiston sharafini himoya qilayotgan Mandiz Jangra bilan raqobatlashadi.
Shuningdek, Bahodir Jalolov va Toyrak Ortega (Kuba), Abdulhay Shorahmatov va Etash Xon (Hindiston), Sanjar Tursunov va Sumit Sangvan (Hindiston) o‘zaro final yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi.