Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamkorlardan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olish qarori tufayli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiya bosimini oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni kutishini aytdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Federatsiyasiga qarshi birinchi sanksiyani e’lon qildi. Sanksiya ro‘yxatida ko‘p sonli sho‘’ba korxonalariga ega ikkita bank, suveren qarz va mamlakatning besh nafar “elita vakili” bor. Bundan tashqari, amerikaliklarga mustaqilligi Rossiya tomonidan tan olingan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari bilan savdo, sarmoya va moliyaviy operatsiya amalga oshirish taqiqlandi.

Xuddi shu kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari LXR va DXRni tan olganlik uchun sanksiyaning birinchi qismini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mustaqillikni tan olish uchun ovoz bergan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputatlari – jami 351 nafar parlament a’zosi ham cheklov choralari ostida qoladi. Sanksiya Donbass bilan aloqador bank sektori va kasaba uyushmasi uchun ham nazarda tutilgan. Shuningdek, ro‘yxatga 27 nafar jismoniy shaxs va tashkilot qo‘shimcha ravishda kiritiladi.

“Xalqaro hamjamiyatning munosabati qat’iy, shoshilinch, qattiq bo‘lishi kerak. Ukraina kecha va bir kun avval RFga qarshi YeI, AQSH, Kanada tomonidan qabul qilingan yangi sanksiyani joriy etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni olqishlaydi. Biz sanksiya bosimini oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni kutmoqdamiz”, — dedi Zelenskiy brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga bosim asnosida “Shimoliy oqim-2”ga qarshi sanksiya ham juda muhim.