Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada taktik yadro quroli bo‘lishi Rossiya uchun strategik tahdid hisoblanishini ta’kidladi.
– Gap shundaki, Ukrainada, hatto, taktik yadro quroli paydo bo‘lishining o‘zi ham biz uchun strategik tahdidni anglatadi. Mana shuni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak”, – dedi Putin. – Ukraina sovet davridayoq muayyan yadroviy salohiyatga ega edi. Bu mamlakatda bir necha yadro blogi mavjud, yadro sanoati yetarlicha rivojlangan. Ukrainada maktab bor, ayni yo‘nalishda ishlayotgan boshqa mamlakatlardan ko‘ra masalani tezroq hal qilish uchun imkoniyat bisyor.
Putinning aytishicha, ukrainlarga faqat uranni boyitish tizimi yetishmaydi, xolos. Aslida, bu jiddiy muammo emas, osongina hal qilinadigan ish.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Myunxen konferensiyasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Budapesht memorandumi ishtirokchilari bilan muzokara tashkil etishini bayon qilgan edi. Ushbu hujjat Yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha shartnomaga qo‘shilgani uchun Ukrainaga xavfsizlik kafolati berishni nazarda tutadi. Zelenskiy muzokara chaqirishni tashqi ishlar vaziriga topshirgan. Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, agar muloqot bo‘lmasa yoki natija bermasa, ya’ni Kiyev uchun xavfsizlik kafolati ta’minlamasa, “Ukraina Budapesht memorandumi ishlamayapti, deyish va 1994 yilgi qarorlar to‘plami haqiqiyligini shubha ostiga olishga to‘la haqli”.