Yevropaga qimmatga tushishi mumkinmi?

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilsa, Yevropaning energetika, savdo, sanoat ishlab chiqarishi sohalari, bank va bozorlari zarar ko‘rishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning “Financial Times” gazetasi ma’lum qildi.
Siyosatchilar G‘arb Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan kiritilgan sanksiya oqibatiga tayyor emasligidan ogohlantiradi. Nashr ta’kidlashicha, bu Yevropa Ittifoqi uchun savdo munosabati buzilishiga olib kelishi, inflyatsiyani oshirishi, Yevropa korxonalari faoliyatini cheklashi, texnologiya yetkazib beruvchilarga va kreditorlardan tortib, xom ashyo manbalarigacha bo‘lgan turli nuqtalarga ta’sir qilishi mumkin.
— Tanglik kuchayishi Yevropa hududi iqtisodiyotini ham qo‘zg‘atadi, — deydi Yevropa markaziy banki rahbari Kristin Lagard. Zero, iqtisodiy nuqtai nazardan tinchlik har qanday urushdan ko‘ra yaxshiroq.

Ma’lumki, Rossiya YeIga eng yirik energiya resursi yetkazib beruvchi hisoblanadi. Yevropa tabiiy gaz importining, qariyb, 40 foizi, xom neft importining, deyarli, uchdan bir qismi Rossiya Federatsiyasiga tegishli.

“BCS Global Markets” kompaniyasining yetakchi neft va gaz tahlilchisi Ronald Smit so‘ziga ko‘ra, hozir gaz zaxirasi tarixiy darajadan past. So‘nggi oylarda narx keskin ko‘tarilishi Rossiyaga qo‘shimcha imkoniyat bermoqda.

— Haqiqat shuki, Yevropada Rossiya gazining o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q, — deydi Ronald Smit.
Bryusselda joylashgan “Bruegel” tahlil markazi YeI yozgacha gaz ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilishning oldini olmasa, Germaniya singari mamlakatlarda qisqa muddatda boshqa energiya manbasiga o‘tish imkoniyati cheklangani sabab, muammolar yuzaga kelishini aytdi.

Yangi sanksiya qo‘llansa, “BP”, “Total” va “Shell” kabi neft guruhlari, shu qatorda, Yevropa Ittifoqi ham strategik xom ashyo tanqisligiga duch kelishi mumkin.

Darvoqe, yana bir qiziq fakt bor: “Airbus” kompaniyasi o‘ziga kerakli titanning, taxminan, 30 foizini Rossiyadan oladi.

Ta’kidlash joiz, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik bu yil fond bozoridagi o‘zgaruvchanlikka sabab bo‘ldi. Mintaqadan manfaatdor kompaniyalar so‘nggi haftalarda aksiya narxi pasayganiga guvoh bo‘ldi.

Yevropa markaziy banki, shuningdek, kreditorlar ham xavf ostida ekanligidan ogohlantirildi. Xalqaro hisob-kitob banki Rossiya kompaniyalarining YeI banklaridan, qariyb, 60 milliard dollar qarzi borligi, bu AQSH banklaridan to‘rt barobar ko‘pligini ma’lum qildi.
Agar to‘lashdan bosh tortilsa, Rossiya tashkilotlari tomonidan YeI banklariga joylashtirilgan yirik qiymat muzlatilishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rossiyaga nisbatan xalqaro to‘lov tizimidan chetlashtirish yoki AQSH dollaridan foydalanishni cheklash chorasi ko‘rilishi Yevropadagi raqobatchi agentlarga ham ta’sir qiladi.