O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov videokonferensiya tarzida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Prezidenti Szin Litsyun bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida tarkibiy islohotlarni o‘tkazish, amalga oshirilayotgan loyihalarni ilgari surish va investitsiyaviy sheriklikni yanada rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

OIIB bilan O‘zbekistonning hamkorligi 2016 yilda boshlanganiga qaramasdan, u qisqa vaqt ichida ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda mamlakatimizning strategik sherigiga aylangani ta’kidlandi. Hozirgi kunda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar portfelida 932,7 million dollarlik 9 loyiha mavjud bo‘lib, ular infratuzilmani modernizatsiya qilish, kichik va o‘rta biznes va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va qishloq joylarda aholining turmush sharoitini yaxshilash kabi sohalarni qamrab olgan.

OIIB rahbariyati amalga oshirish bosqichida bo‘lgan loyihalarni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishga va joriy yilda tasdiqlanishi kutilayotgan yangi loyihalarni ko‘rib chiqish jarayonlarini tezlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar to‘g‘risida fikr almashdilar. Energetika, avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘llarni elektrlashtirish, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek, shahar infratuzilmasini har tomonlama rivojlantirish vazifalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Sheriklik dasturini shakllantirish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib olindi, unda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, aniq loyihalar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatiladi.

Shuningdek, OIIB rahbariyati ishtirokida keng ko‘lamli xalqaro tadbirlar, jumladan, joriy yilning mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va 2024 yilda Samarqand shahrida OIIB Boshqaruvchilar Kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Bank rahbariyati ushbu tadbirlarni tashkil etish va ilgari surishda yaqin hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida uning ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlarni qayd etib, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda amalga oshiriladigan birinchi darajali vazifalarni belgilab oldilar.

Go‘zal Sattorova, O‘zA