BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpog‘iston qishloq aholisining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida bir qator treninglar o‘tkazmoqda.

Jumladan, shu yilning 7-11 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida chorvachilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish kabi mavzularda beshta trening o‘tkazildi.

Orolbo‘yi mintaqasining 120 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari, asosan, ayollar va yoshlar ishtirok etgan o‘quv mashg‘ulotlarida degradatsiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanish, mineral va organik o‘g‘itlardan to‘g‘ri foyda olish, bog‘ barpo etishning agrotexnologiyalari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, chorva hayvonlari kasalliklarining oldini olish, samarali ozuqa ratsionini yaratish, xo‘jaliklarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

– Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb etish agrosanoat majmuasini yanada jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi vakili Adiba Ahmedjanova. – Treningda ishtirokchilar qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, sohadagi o‘zgarishlar va bu yo‘nalish yashil iqtisodiyotga ijobiy ta’sir qilishiga ishonch hosil qildilar.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida ham shu kabi treninglar o‘tkazilgan edi. Unda baliqchilik va qishloq xo‘jaligida tuproqni himoya qiluvchi texnologiyalar mavzusi ko‘rib chiqildi. Kelgusida xuddi shunday xayrli ish Respublikaning Qo‘ng‘irot tumanida ham o‘tkaziladi.

O‘zA