Xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim masalalardan biri sifatida doimiy e’tiborda bo‘lib keladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya 2021 yil davomida xotin-qizlarga har jihatdan ko‘maklashish maqsadida qator ishlar amalga oshirdi.

Jumladan, 15 nafar ayolning respublikadagi maxsus tibbiyot markazlarida davolanishi uchun yo‘llanma olib berildi. 2 nafar xotin-qizning farzandlarini respublika yurak kasalliklari shifoxonasida tug‘ma yurak yetishmovchiligi bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazishlariga ko‘maklashildi. Eng muhimi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda eng chekka hududlardagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kirgan 100 nafar xotin-qizning kasanachilik yo‘nalishida bandligi ta’minlandi.

Ushbu ma’lumotlar parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyaning 2021 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida qayd etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, komissiya tomonidan o‘tgan davrda ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi. Xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni chuqur o‘rganish, ularning yechimi yuzasidan zarur choralarni ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada komissiya a’zolari tomonidan hududlarda jami 6 marta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.

Shuningdek, “Ayollar daftari”ning yuritilishi, ushbu ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yordam va berilayotgan imtiyozlar holati o‘rganildi. O‘rganishlar jarayonida “Ayollar daftari”ni yuritishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan bo‘lsa, ayrim ehtiyojmand ayollarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi.

Bundan tashqari, o‘tgan davrda komissiya qo‘mitalar bilan hamkorlikda oila, ayollar hamda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarida, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan tegishli mutasaddilarning axborotlari eshitildi.

Qonun ijodkorligi jarayonida komissiya a’zolari Qonunchilik palatasida keng muhokama etilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini takomillashtirishda faol ishtirok etdi, takliflar bilan qatnashdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA